“Yashil bog‘lar” loyihasi doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

  • 19.03.2026
  • 30

2026-yil 19-mart kuni Toshkent shahridagi Astronomiya bog‘i hududida “Yashil bog‘lar” loyihasi doirasida yashil hududlarni parvarishlash, davolash va himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi Milliy Qo‘mitasi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan tashkil etildi. Seminar doirasida shahar parklarini, jamoat hududlarini va tabiiy maydonlarni barqaror rivojlanish tamoyillari asosida saqlash, tiklash va rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Seminarning asosiy maqsadi — yashil hududlarni parvarishlash, ularni kasalliklardan himoya qilish va davolash bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, sohaga oid mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan daraxtlarni parvarishlashning muhim jihatlari, xususan, mulchalash, sanitariya va shakllantiruvchi kesish ishlari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, o‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan biologik usullar yordamida himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Amaliy qismda ishtirokchilar daraxtlarga to‘g‘ri shakl berish, qurigan va kasallangan shoxlarni olib tashlash hamda mulchalash jarayonlarida bevosita qatnashib, o‘z bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish maqsadida buta va daraxt ko‘chatlarini qo‘shimcha ekish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Seminarda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi Milliy Qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti, Green University, “Zamin” jamoat fondi vakillari, Eco-Schools Uzbekistan loyihasi ishtirokchilari hamda Toshkent shahar Yosh ekologlar harakati faol qatnashdilar. Shuningdek, tadbirda Green University rektori Baxtiyor Pulatov, “Zamin” fondi direktori Aziz Ganiev, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi boshqarmasi rahbari Zarina Abdullaeva va Ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Nurullo Muxsimov ham ishtirok etdilar.

Tadbir yakunida soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va Toshkent shahrida yashil hududlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.