Green Universityda yashil taraqqiyotga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazildi
- 31.03.2026
- 33
Green university’da “Barqaror yashil taraqqiyot yo‘lidagi muloqot: umumiy kelajak uchun investitsiyalar” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi
2026-yil 30-mart kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Barqaror yashil taraqqiyot yo‘lidagi muloqot: umumiy kelajak uchun investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum barqaror rivojlanish, ekologik muvozanatni ta’minlash hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Unda davlat organlari vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ekspertlar va ekologiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimov, BMTning O‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismail Belen, FAOning O‘rmonchilik bo‘limi direktori Jimin Vu (video murojaat orqali), shuningdek, BMTning O‘rmonlar bo‘yicha forumi kotibiyati direktori Julietta Biao ishtirok etib, forum ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
Tadbir doirasida o‘rmon xo‘jaligi sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan mutaxassislar taqdirlandi. Jumladan, “Rossiya o‘rmonlarni muhofaza qilish markazining 85 yilligi” yubiley medallari hamda “O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Forum yalpi majlisida “O‘rmonlar barqaror iqtisodiyot drayveri sifatida: umumiy taraqqiyot yo‘lidagi xalqaro hamkorlik” mavzusi muhokama qilindi. Unda o‘rmon xo‘jaligi sohasida investitsiyalarni kengaytirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, huquqiy asoslarni takomillashtirish hamda zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Forum yakunida ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi hamda dolzarb savollarga javoblar berildi.
Tadbir doirasida “Yashil Renessans” dala missiyasi ham tashkil etilib, unda ishtirokchilar dendrologiya bog‘iga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur forum ekologik barqarorlikni ta’minlash, o‘rmon resurslarini muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
English

















