Green University xalqaro GreenCamUz loyihasiga mezbonlik qildi

  • 27.03.2026
  • 93

“GreenCamUz” loyihasining — “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimiga barqarorlik tamoyillarini integratsiya qilish: Yashil kampus tashabbusi” — mavzusidagi ochilish (kick-off) yig‘ilishi 2026-yil 26-mart kuni muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Unda oliy ta’limda barqarorlikni rivojlantirishga sodiq milliy va xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbir Markaziy Osiyo Atrof-muhit va Iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tomonidan tashkil etilib, unda O‘zbekiston, Polsha, Litva va Turkiyadagi hamkor oliy ta’lim muassasalari vakillari qatnashdi. Uchrashuv Erasmus+ dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanayotgan uch yillik hamkorlik loyihasining rasmiy boshlanishi bo‘ldi.

Dastur Green University rektori, professor Baxtiyor Pulatovning rasmiy tabrik so‘zi bilan boshlandi. U o‘z nutqida universitetlar nafaqat ta’lim va ilmiy tadqiqot markazlari, balki barqaror rivojlanish, ekologik mas’uliyat va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yetakchi kuchga aylanishi zarurligini alohida ta’kidladi.

Ishtirokchilar Green University kampusi bilan tanishtirilib, ekskursiya tashkil etildi. Shundan so‘ng kun tartibi doirasida loyihaning asosiy ish paketlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Jumladan, loyiha boshqaruvi va sifat nazorati, yashil kampus strategiyasini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini integratsiya qilish, salohiyatni oshirish, barqaror infratuzilmani joriy etish, jamoatchilik bilan hamkorlik va natijalarni ommalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Loyihaning muhim tarkibiy qismlaridan biri — bu virtual bilim almashish platformasini yaratishdir. Ushbu raqamli platforma talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilarni birlashtirib, ularga hamkorlik qilish, bilim almashish hamda turli o‘quv resurslaridan — jumladan, onlayn kurslar, vebinarlar va interaktiv materiallardan foydalanish imkonini beradi. Platforma, shuningdek, foydalanuvchilarning qiziqish va ehtiyojlariga moslashtirilgan individual o‘quv yo‘nalishlarini taklif etuvchi zamonaviy vositalarni ham o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida universitetlar va mahalliy biznes subyektlari o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanish yo‘nalishida mustahkamlanadi.