Green University’da London South Bank University (LSBU) delegatsiyasi bilan ta’lim, ilm-fan va barqaror rivojlanish hamda innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
- 06.03.2026
- 12
Green University’da London South Bank University (LSBU) delegatsiyasi bilan ta’lim, ilm-fan va barqaror rivojlanish hamda innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
LSBU delegatsiyasiga universitetning Bosh ijrochi direktori va vitse-kansleri Paul Kett boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibidan, shuningdek, Stuart Bannerman, Aissata Edmondson hamda Hansley Noruthun o‘rin oldi.
Green University’da bo‘lib o‘tgan uchrashuvga universitet rektori Baxtiyor Pulatov rahbarlik qildi. Rektor Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish bo‘yicha ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda xalqaro akademik hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Tashrif, shuningdek, British Council hamda Foreign, Commonwealth & Development Office (FCDO) vakillari ko‘magida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida tomonlar qo‘shma akademik dasturlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Jumladan, bakalavriat va magistratura darajalari bo‘yicha qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari, ikki diplomli dasturlar, shuningdek, barqarorlik, biznes va yangi texnologiyalar yo‘nalishidagi qisqa muddatli professional kurslarni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Talabalar almashinuvi dasturlari — semestrlik o‘qish, yozgi maktablar va amaliyot dasturlariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar biznesda barqarorlik, sun’iy intellekt va uning etik jihatlari, raqamli transformatsiya hamda barqaror muhandislik texnologiyalari kabi ustuvor yo‘nalishlarda ilmiy hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildilar. Har ikki universitet qo‘shma ilmiy loyihalar, birgalikda doktorantura rahbarligi hamda xalqaro grant dasturlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, mehmon ma’ruzalar, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda ikki universitet o‘rtasida bilim va tajriba almashinuvini kengaytirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Tashrif doirasida LSBU delegatsiyasi uchun universitet bo‘ylab tanishtiruv sayohati ham tashkil etildi. Mehmonlar Green University’ning zamonaviy laboratoriyalari, raqamli ta’lim infratuzilmasi hamda ekologik barqarorlik va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari bilan tanishtirildi.
Mazkur uchrashuv Green University va London South Bank University o‘rtasida uzoq muddatli strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
English