“ARTepa” san’at galereyasining ochilish marosimi

  • 16.03.2026
  • 8

14-mart kuni Green University qoshida faoliyat yurituvchi “ARTepa” san’at galereyasida taniqli rassom Dilorom Mamedova ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma faoliyat boshladi. Ekspozitsiyada rassomning 100 ta ijodiy asari taqdim etilgan.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Vasila Fayziyeva, “Shuhrat” medali sohibi Dilorom Mamedova, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) rektori Baxtiyor Pulatov, san’at ahli hamda yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida san’at va madaniyatning jamiyat hayotidagi o‘rni, shuningdek ekologik madaniyatni rivojlantirishda badiiy tashabbuslarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, “ARTepa” galereyasi madaniy merosni targ‘ib qilish bilan birga, atrof-muhitni asrash va barqaror rivojlanish g‘oyalarini san’at orqali ommalashtirishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma doirasida rassomning milliy an’analar, insoniy tuyg‘ular va tabiat go‘zalligini aks ettiruvchi asarlari namoyish etilmoqda. Ekspozitsiyada realizm, abstraksiya va falsafiy yo‘nalishdagi ijodiy ishlarga alohida o‘rin berilgan.

Ko‘rgazma yakunida Dilorom Mamedova o‘zining 100 ta asarini Green Universityga hadya qildi. Ushbu ijodiy loyiha ikki oy davomida tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.