Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha innovatsion iqlimga mos texnologiyalarga bag‘ishlangan xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi

  • 20.01.2026
  • 44

Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha innovatsion iqlimga mos texnologiyalarga bag‘ishlangan xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan (“Green University”) “BLUE” (SATREPS) loyihasi doirasida manfaatdor tomonlarning xalqaro uchrashuvi tashkil etildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Orol dengizi havzasida suvdan foydalanish samaradorligini monitoring qilish va boshqarish, sho‘rlanishning qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi hamda aholi turmush barqarorligiga ta’sirini baholashga qaratilgan innovatsion iqlimga mos texnologiyalarni ishlab chiqish” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirda O‘zbekiston va Yaponiyaning yetakchi olim hamda ekspertlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, sohaviy ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, davlat organlari va tarmoq tuzilmalari vakillari ishtirok etdi. Unda asosiy e’tibor iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslarini boshqarish sohasidagi ilg‘or ilmiy ishlanmalar, amaliy yechimlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish istiqbollariga qaratildi.

Tadbirni ochib bergan “Green University” rektori, professor Baxtiyor Pulatov suv tanqisligi, yer degradatsiyasi va tuproq sho‘rlanishi kabi iqlim muammolari ilmiy asoslangan va iqlimga mos yechimlarni joriy etishni taqozo qilishini ta’kidladi. Shuningdek, SATREPS dasturi va BLUE loyihasi doirasidagi xalqaro hamkorlik ilmiy ishlanmalarni suv resurslarini boshqarish amaliyotiga integratsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.

Dastur doirasida quyosh radiatsiyasini real vaqt rejimida monitoring qilish, qurg‘oqchilikni aniqlash va kuzatish tizimlari, yer usti va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida qum va chang bo‘ronlarini kuzatish, Orol dengizi havzasida suv resurslarini boshqarish masalalari, shuningdek, MODFLOW dasturiy majmuasi asosida O‘zbekiston Respublikasi yer osti suvlarining milliy modelini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Qolaversa, BLUE loyihasi doirasida erishilgan natijalarni tahlil qilish, ilmiy va amaliy bo‘shliqlarni aniqlash, keyingi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, ishlanmalarni mahalliy hokimiyat organlari va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari darajasida joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Loyiha koordinatori Yoshiko Ozava loyiha natijalari jamiyat hamda siyosatchilarga taqdim etilishini, so‘ng natijalardan qanday foydalanish, yer resurslaridan foydalanish va suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni hal etish yo‘llari muhokama qilinishini aytib o’tdi.

Tadbir dasturi doirasida manfaatdor tomonlar ishtirokida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda ma’lumotlar almashinuvi, real vaqt rejimida monitoring tashkil etish, iqlimga mos texnologiyalarni joriy etish hamda Orol dengizi mintaqasining barqaror rivojlanish ssenariylarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Yakunda O‘zbekiston “Agrobiznes Assosatsiyasi” uyushmasi hamda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

“Agrobiznes Assosatsiyasi” uyushmasi respublikadagi mavjud 30 mingga yaqin fermerlarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatuvchi yirik tuzilma hisoblanib, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Telegram’dagi @agro_meteo_bot orqali fermerlar, yer egalari va bog‘dorlarga agrometeorologik xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Uyushma direktori ilmiy yutuqlarni tinglab, o‘z platformasiga bu kabi ilmiy mahsulotlarni tizimga integratsiya qilish orqali respublikadagi oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga zamonaviy ilmiy-innovatsion yondashuvlar asosida barham berish mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, gidrometeorologiya tarmog‘idagi ilmiy ishlanmalar aynan mana shu tizim orqali amaliyotga tezroq ko‘chishi mumkinligini qo‘shimcha qildi

Mazkur tadbir ilmiy hamjamiyat, davlat tuzilmalari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylanishi, shuningdek, Orol dengizi mintaqasida suv resurslarini boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha barqaror yechimlarni shakllantirishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.