“HSK: Xitoyda ta’lim” mavzusidagi III O‘zbekiston forumiga start berildi

  • 18.05.2026
  • 27

2026-yil 18-may kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) kampusida “HSK: Xitoyda ta’lim” mavzusidagi III O‘zbekiston forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur forum O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda akademik almashinuvlarni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Forumda Xitoy Xalq Respublikasining 26 ta oliy ta’lim muassasasi vakillari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar Xitoy universitetlarining bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari, grant va stipendiya imkoniyatlari, HSK imtihoni hamda hujjat topshirish tartibi bo‘yicha batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchixonasi vakili Sun Changdun, Xitoy Ta’lim vazirligi huzuridagi Xitoy va xorijiy tillar almashinuvi va hamkorlik markazi hamda Chinese Testing International bosh direktor o‘rinbosari Liu Xiaolong, shuningdek, Lanzhou universiteti vakili Li Chunlin nutq so‘zladilar. Tadbir dasturiga muvofiq, forum avvalida mehmonlarni kutib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni tashkil etildi. Shundan so‘ng forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi hamda rasmiy nutqlar tinglandi. Forumning asosiy qismida Xitoy universitetlari vakillari bilan ochiq muloqotlar, savol-javob sessiyalari, ta’lim dasturlari taqdimotlari hamda O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Mazkur forum ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.