Green Universityda ICBA bilan hamkorlikda “Spirulina” laboratoriyasi tashkil etiladi

  • 28.01.2026
  • 105

Green Universityda ICBA bilan hamkorlikda “Spirulina” laboratoriyasi tashkil etiladi
2026-yil 28-yanvar kuni Green Universityda Xalqaro biosalin qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori Dr. Tarifa Alzaabi boshchiligidagi delegatsiya bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ICBA tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan “Degradatsiyaga uchragan hududlarda barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish” loyihasi doirasida Green University bilan hamkorlikda universitet bazasida “Spirulina” laboratoriyasini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Mazkur laboratoriya spirulinani nazorat qilinadigan sharoitlarda yetishtirish, monitoring qilish va tahlil etish bo‘yicha ilmiy-amaliy platforma sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, u ilmiy tadqiqotlar bilan bir qatorda o‘quv va namoyish markazi vazifasini ham bajaradi. Tashabbus sho‘rlangan hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda mikroalga asosidagi innovatsion ishlab chiqarish tizimlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Laboratoriyani Green University huzuridagi Atrof-muhit texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti binosida joylashtirish rejalashtirilgan. Laboratoriyani joriy yilning 31-mayiga qadar ishga tushirish belgilangan.
Uchrashuv yakunida loyiha doirasida qo‘shimcha tashriflar va texnik hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.