"Green University" talabalari Koreya Respublikasida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda

  • 23.01.2026
  • 36

"Green University" talabalari Koreya Respublikasida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) rektori Baxtiyor Pulatov Koreya xalqaro hamkorlik agentligining (KOICA) “Professional Talent Development Program” dasturi doirasida Janubiy koreyalik mutaxassislar, “Hyundai NGV” kompaniyasi vakillari Chxve Kvanvun va Kim Yongjin bilan uchrashdi.

Ma’lumot uchun, “Professional Talent Development Program” KOICAning uzoq muddatli STEM dasturi hisoblanadi. Dastur sanoat ehtiyojlariga mos keladigan muhandislar hamda tadqiqot va ishlanmalar (R&D) sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, hamkor davlatlarning sanoat va texnologik raqobatbardoshligini oshirish maqsad qilingan.

Tashrifdan asosiy maqsad “Hyundai NGV” va universitet-hamkorlar bilan birgalikda KOICA’ning iqtidorlarni kasbiy rivojlantirish dasturining ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etish, shuningdek, mazkur dastur targ‘ibotini qo‘llab-quvvatlashdir.

Uchrashuv davomida sanoat ehtiyojlariga mos, yuqori malakali muhandislar hamda tadqiqot va ishlanmalar (R&D) sohasida mutaxassislar tayyorlash, sanoat va texnologik raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan hamkorlik mexanizmlari, akademik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, magistratura bosqichida moslashuvchan o‘qish muddati (17 oydan 30 oygacha), Janubiy Koreyada 3–6 oylik majburiy amaliyot (stajirovka) imkoniyatlari va ularning istiqbollari muhokama qilindi.

Muhim!

Endi "Green University" talabalari KOICA dasturi doirasida magistratura bosqichini Koreya Respublikasida davom ettirishlari mumkin. Ya'ni universitet o‘z talabalariga ana shunday imkoniyatni taqdim etmoqda.

Mazkur tashrif ta’lim–sanoat integratsiyasini kuchaytirish, xalqaro tajribani jalb etish hamda milliy kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.