Green University hamda ''Yuksalish'' Harakati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

  • 09.04.2026
  • 72

Green University va “Yuksalish” Harakati o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 2026-yil 8-aprel kuni Markaziy Osiyo ekologlari va eko-faollari forumi doirasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) va “Yuksalish” Harakati o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Green University nomidan rektor, professor Baxtiyor Pulatov, “Yuksalish” Harakati nomidan harakat raisi Bobur Bekmurodov ishtirok etdi. Memorandum ikki tomon o‘rtasida uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, qo‘shma loyihalar va tadbirlar o‘tkazish, shuningdek ilmiy-amaliy tadqiqotlarda o‘zaro hamkorlik qilishni maqsad qilgan. Imzolangan memorandum doirasida tomonlar ekologlar forumlari, sotsiologik va ekologik so‘rovlar, innovatsion startaplar va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash kabi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, universitet va Harakat o‘rtasida talabalarning volontyor sifatida jalb etilishi va hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha bir qator tadbirlar rejalashtiriladi. Tadbir doirasida memorandum shuningdek, ikki tomonning axborot almashuvi, seminarlar, konferensiyalar va ilmiy-nashrlar tayyorlash kabi hamkorlik shakllarini ham o‘z ichiga oladi. Ushbu memorandum Green University va “Yuksalish” Harakati o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida samarali loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.