Green Universitetida Markaziy Osiyo ekologlari hamda eko-faollarining forumi tashkil etildi.

  • 08.04.2026
  • 44

2026-yil 8-aprel kuni Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy mexanizmlari” mavzusida Markaziy Osiyo ekologlari va eko-faollari forumi bo‘lib o‘tdi.

“Yuksalish” harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur forum O‘zbekiston va Qozog‘istondan siyosatchilar, huquqshunoslar, ekologiya sohasi mutaxassislari hamda eko-faollar o‘rtasida muloqot uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Tadbir Green University rektori, professor Baxtiyor Pulatov hamda “Yuksalish” harakati raisi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodovning kirish so‘zlari bilan ochildi. Ular o‘z nutqlarida atrof-muhitni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

Panel sessiyada O‘zbekistonda ekologik siyosatning rivojlanishi, ekologiya sohasida huquqni qo‘llash amaliyoti, “yashil” shaharlar rivoji hamda atrof-muhitga oid qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Qozog‘istondan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar esa Orxus konvensiyasi mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha ilg‘or tajribalar, shahar havosi sifatini boshqarish hamda eko-startaplarni rivojlantirish va barqaror moliyalashtirish modellari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Forum doirasida ochiq muhokama sessiyasi ham o‘tkazilib, unda ishtirokchilar fikr almashish va takliflar ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbir yakunida atrof-muhitni boshqarish va huquqiy himoya mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan asosiy takliflarni o‘z ichiga olgan Yakuniy rezolyutsiya loyihasi taqdim etildi.