Green University Digital loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi

  • 10.06.2026
  • 14

2026-yil 3-iyun kuni Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Global ekologik fond (GEF)ning VIII Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Green University hamda “BHH Academy” MChJ vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Green Universityning Digital-filialini tashkil etish va rivojlantirishga qaratilgan

“Green University Digital”

loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ekologiya, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish, ESG, yashil iqtisodiyot hamda ekologik boshqaruv yo‘nalishlarida zamonaviy masofaviy ta’lim dasturlarini joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, loyiha doirasida xalqaro standartlarga mos raqamli ta’lim platformasini yaratish, innovatsion EdTech yechimlarini joriy etish, ta’lim qamrovini kengaytirish hamda ekologik va iqlimiy ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida Green University Digital loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ekologik va iqlimiy ta’limni raqamlashtirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikning muhim huquqiy asosini yaratadi.