Jahon Ko‘chib yuruvchi qushlar kuni — EuroBirdwatch 2026

  • 30.09.2026
  • 39

“EuroBirdwatch 2026” — O‘zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati ishtirokida tashkil etiladigan an’anaviy xalqaro qushlarni kuzatish tadbiri bo‘lib, joriy yil kuz faslida qushlarning ko‘chib o‘tish davri avjiga chiqqan paytda o‘tkaziladi.


Yigirma yildan ortiq vaqt davomida ushbu tadbir doirasida ishtirokchilar har yili Toshmorda ko‘chib yuruvchi qushlarni kuzatish uchun to‘planib kelmoqda. Shuningdek, hududiy bo‘linmalar tomonidan O‘zbekistonning boshqa tabiiy hududlarida ham qushlarni kuzatish tadbirlari tashkil etib kelinmoqda.


Bu yil EuroBirdwatch tadbirining 34-marotaba o‘tkazilishi hisoblanadi. Tashabbus amalga oshirilgan butun davr mobaynida unda 1,3 milliondan ortiq kishi ishtirok etib, 107 milliondan ziyod ko‘chib yuruvchi qush kuzatilgan.


EuroBirdwatch tadbirining asosiy maqsadi — ko‘chib yuruvchi qushlarning ehtiyojlari hamda ularning migratsiya yo‘llari bo‘ylab joylashgan yashash muhitlarini, jumladan, ko‘payish, vaqtincha to‘xtash va qishlash hududlarini, O‘rta yer dengizi mintaqasi va Afrikada muhofaza qilish muhimligi haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishdan iborat.


Migratsiya jarayonida qushlar qator xavf-xatarlarga duch keladi. Jumladan, muhim to‘xtash hududlarining degradatsiyaga uchrashi, tabiiy yashash muhitlarining yo‘qolishi hamda inson faoliyati natijasida yuzaga keladigan turli xil bezovtaliklar shular jumlasidandir.


Qushlarni kuzatish nafaqat qushlarning xilma-xilligini kashf etish va ular haqida yangi bilimlarga ega bo‘lish imkonini beradi, balki ekologik madaniyat va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni targ‘ib qilish, tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilishga undashning muhim vositasi hamdir.