Green University’da “Eco Expo Central Asia 2026”, GEF VIII Assambleyasi hamda Green University va “yashil” texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

  • 15.05.2026
  • 13

2026-yil 14-may kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi, Global ekologik jamg‘arma (GEF)ning VIII Assambleyasi hamda Green University va “yashil” texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Ekologiya vaziri o‘5епrinbosari Jusipbek Kazbekov, Ekologiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari, Green University rektori, professor Baxtiyor Pulatov, tizim tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.Matbuot anjumanida mamlakatimizda ekologik ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish hamda xalqaro ekologik hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir davomida Green University rektori, professor Baxtiyor Pulatov universitet faoliyati va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’ruza qildi.

“Bugungi kunda dunyo iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning qisqarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi kabi global muammolarga duch kelmoqda. Bunday sharoitda ekologik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar barqaror kelajakni ta’minlashning eng muhim omiliga aylanmoqda. Green University aynan mana shunday vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda ekologik ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni birlashtirgan nafaqat akademik-ilmiy tizim, balki ‘ilm–loyiha–amaliyot’ tamoyiliga asoslangan zamonaviy ekotizim sifatida faoliyat yuritmoqda”, — dedi rektor.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda universitet tarkibida 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti, 6 ta ilmiy va innovatsion markaz, 10 dan ziyod zamonaviy laboratoriyalar hamda respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 14 ta “yashil” texnikum mavjud.

Shuningdek, universitet tizimida raqamli ta’lim, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ekologik innovatsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi maxsus tuzilmalar samarali faoliyat olib bormoqda. Xususan, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, ilmiy platformalar va ixtisoslashgan tadqiqot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Matbuot anjumanida qayd etilganidek, kelgusida Green University tizimi doirasida har bir hududda 14 ta dendrologiya va 14 ta botanika bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ular “yashil” texnikumlarning o‘quv-amaliy bazasi sifatida xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu hududlarda “yashil belbog‘”lar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir davomida “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi hamda GEFning VIII Assambleyasi doirasida iqlim o‘zgarishi, ekologik barqarorlik va “yashil” iqtisodiyotga oid ustuvor masalalar muhokama qilinishi ta’kidlandi.

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.