"Green University" yangi magistratura dasturi uchun imtihon boshlandi

  • 16.01.2026
  • 71

"Green University" yangi magistratura dasturi uchun imtihon boshlandi

15-yanvar kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetining ("Green University") atrof-muhit fanlari va tadqiqotlar, ekologik tahlil, bilim va innovatsiyalarni boshqarish sohasidagi yangi magistratura dasturi uchun imtihon boshlandi. Imtihon ingliz tilida o‘tkazilmoqda.

Dastlabki (og‘zaki) bosqichda nomzodlar bilan suhbat olib borildi. Suhbat davomida nomzodlarning til bilish darajasi, ekologiya sohasiga bo‘lgan qiziqishi, kelajakdagi maqsadlari va boshqa muhim jihatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Bugun, 16-yanvar kuni birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar ikkinchi bosqichda (yozma imtihon) o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishadi. Yakuniy natijalar shu kunning o‘zida e'lon qilinadi.

Ma'lumot uchun, yangi dastur ekologiya fanlari va tadqiqotlari, ekologik tahlil hamda bilimlarni boshqarish va innovatsiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga "Eco-Analyst, Research and Teaching Specialist" darajasi beriladi.