"GREEN UNIVERSITY"DA AARHUS MARKAZLARIGA BAG‘ISHLANGAN XALQARO SEMINAR BO‘LIB O‘TDI.

Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti Green Universityda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) bilan hamkorlikda “Orxus markazlari: O‘zbekistonda ekologik axborotdan foydalanish va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.


Seminar davlat idoralari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, akademik hamjamiyat vakillari va ekologiya sohasi mutaxassislarini bir maydonga jamlab, ekologik axborotdan foydalanish, ekologik qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash hamda O‘zbekistonda Orxus markazini tashkil etish istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.


Tadbirning ochilish sessiyasida Green University birinchi prorektori Sayidjaxon Xasanov, Davlat ekologik ekspertiza markazi direktori G‘ayrat Muhamedov hamda YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisining katta loyiha xodimi Silke Kloever kirish so‘zlari bilan ishtirok etdi.


Seminarning birinchi sessiyasida YXHTning mintaqaviy loyiha xodimi Dmitry Prudtskikh Orxus konvensiyasining asosiy tamoyillari, jumladan, ekologik axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki va ekologik masalalar bo‘yicha odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, Orxus markazlarining amaliy faoliyati va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik tajribasi yoritildi.