Green University’da Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi
- 15.08.2026
- 72
2026-yil 14-avgust kuni Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Iqlimga chidamli Markaziy Osiyo uchun fan, innovatsiyalar va hamkorlik” mavzusida Iqlim ilmiy muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Muloqot Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqlimga chidamliligini oshirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ilmiy hamjamiyat, davlat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ilmiy yondashuvlar va amaliy yechimlarni muhokama qilish uchun muhim platformaga aylandi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Green University hamda Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazi (RCEECA) tomonidan tashkil etildi.
Muloqotning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, FAO vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, O‘zbekistondagi YeXHT loyihalari koordinatori rahbari, elchi Antti Karttunen, Turkiya O‘rmon va suv xo‘jaligi vazirligining Cho‘llanish va eroziyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi bosh inspektori Ismoil Belen, shuningdek, Green University rektori Baxtiyor Po‘latov ishtirok etdi.
Muloqot doirasida turli mamlakatlardan yetakchi xalqaro ekspertlar va olimlar ma’ruza qildilar. Tadbirda xalqaro miqyosda tan olingan olimlar va ekspertlar, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etdi. Konferensiyaning muhim mehmonlari qatorida Vageningen universiteti va ilmiy-tadqiqot markazi (Niderlandiya) professori emeritus Rik Leemans ham bo‘ldi. Global o‘zgarishlar, iqlim va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha taniqli mutaxassis bo‘lgan professor Leemans iqlim ssenariylarini ishlab chiqish va ularni amaliyotda qo‘llashga bag‘ishlangan dasturiy ma’ruza bilan ishtirok etdi. U, shuningdek, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IPCC)ning To‘rtinchi baholash hisobotini tayyorlashda ishtirok etgan. IPCCning mazkur faoliyati 2007-yilda Nobel Tinchlik mukofoti bilan taqdirlangan.
Tadbirda shuningdek, Green University’ning Climate Residency Programme — Iqlim rezidentligi dasturi taqdimoti o‘tkazildi.
Muloqotning asosiy mavzularidan biri fan va davlat siyosati o‘rtasidagi hamkorlik bo‘ldi. “Fan va siyosat: iqlim ma’lumotlaridan siyosiy qarorlar va mintaqaviy hamkorlik sari” mavzusidagi birinchi sessiyada ekspertlar iqlim siyosatini shakllantirishda ilmiy bilimlardan foydalanish hamda Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Dasturning alohida sessiyasi o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash va yoshlar tashabbuslariga bag‘ishlandi. Tadbir doirasida Markaziy Osiyo iqlim yetakchiligi dasturi doirasida FAO bilan o‘zaro anglashuv memorandumi, shuningdek, cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Yana bir sessiya Orol dengizining suv-botqoq hududlari va Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasiga bag‘ishlandi. Muhokamada suv resurslari, mintaqaviy hamkorlik va suv resurslarini barqaror boshqarish sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdilar.
Uchinchi sessiya davomida ekspertlar iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va energetika o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni, shuningdek, tabiiy tizimlarning faoliyat yuritishining texnik va ilmiy jihatlarini ko‘rib chiqdilar. Muhokamalarda Germaniya, Finlyandiya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari va Tojikistondan olimlar va mutaxassislar ishtirok etdilar.
Asosiy dastur “Iqlimga chidamlilik uchun innovatsiyalar, aylanma iqtisodiyot va mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi sessiya bilan yakunlandi. Unda ekologik innovatsiyalar, barqaror yer resurslaridan foydalanish, yashil rivojlanish va aylanma iqtisodiyot sohalaridagi yondashuvlar hamda yechimlar taqdim etildi.
Iqlim ilmiy muloqotining o‘tkazilishi ilmiy va ekspertlar hamkorligini yanada rivojlantirish, ilg‘or bilim va tajriba almashinuvini kengaytirish hamda Markaziy Osiyo oldida turgan muhim iqlim va ekologik muammolarga birgalikda yechimlar izlashga xizmat qildi.
English
Русский
O'zbek









