Green University’da “Ekologik madaniyat mahalladan boshlanadi” respublika seminar-treningi bo‘lib o‘tdi
- 07.05.2026
- 20
Bugun, 7-may kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Ekologik madaniyat mahalladan boshlanadi” mavzusida respublika seminar-treningi tashkil etildi. Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi rahbariyati, tizim tashkilotlari vakillari, mahalla faollari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat 140 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Seminar-trening doirasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, aholining ekologik ongini shakllantirish, chiqindilarni boshqarish, yashil hududlarni kengaytirish, ekologik ta’lim tizimini rivojlantirish hamda “Eko-madaniyat” umumilliy loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ochilish qismida Green University rektori, professor Baxtiyor Pulatov nutq so‘zlab, ekologik madaniyatni shakllantirishda ta’lim muassasalari, mahalla instituti va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikning muhimligini ta’kidladi. Rektor, shuningdek, ekologik ta’limni rivojlantirish va yosh avlodni tabiatga mas’uliyatli munosabat ruhida tarbiyalash Green University faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan ekologik ta’lim, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, hududlarda yashil hududlarni kengaytirish, chiqindilarni boshqarish hamda “Eko-faol fuqaro” maqomini joriy etish bo‘yicha ma’ruzalar qilindi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan ekologik madaniyatni keng targ‘ib qilish, mahallalarda yashil tashabbuslarni rivojlantirish hamda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
English





